ClickUp kompaniyasida suniy intellekt sababli ommaviy ishdan bo‘shatishlar boshlandi

Madina Yusupova2 daqiqalik o'qish

ClickUp kompaniyasida suniy intellekt sababli ommaviy ishdan bo‘shatishlar boshlandiSuniy intellekt texnologiyalari rivojlanishi bilan ish jarayonlarida misli koʻrilmagan oʻzgarishlar yuz bermoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ushbu soha tarafdorlari AI mahsuldorlikni oshirish va yuqori malakali mutaxassislarning daromadlarini koʻpaytirish salohiyatiga ega ekanligini uzoq vaqtdan buyon taʼkidlab kelishadi. ClickUp kompaniyasi bosh direktori Zeb Evans ushbu jarayonlar amalda boshlanganini bildirdi.

Techcrunch.com xabariga koʻra, Evans oʻtgan payshanba kuni X platformasi orqali xodimlarning 22 foizi ishdan boʻshatilganini maʼlum qildi. Kompaniya rahbariyati ushbu qadamni xarajatlarni qisqartirish emas, balki suniy intellekt vositalarini faoliyatga radikal tarzda joriy etish zarurati bilan izohladi.

Boʻshatilgan xodimlar hisobiga tejalgan mablagʻlar kompaniyada qolayotgan mutaxassislarning ish haqini oshirishga yoʻnaltiriladi. ClickUp yuqori natijalar koʻrsatgan xodimlar uchun million dollarlik maosh stavkalarini joriy etishni maqsad qilgan.

Bu yondashuv kompaniyani 100x org darajasiga koʻtarish strategiyasining asosiy qismi hisoblanadi. Ayni paytda korxona murakkab vazifalarni bajarish uchun 3000 ga yaqin ichki AI agentlarini ishga tushirgan.

Endilikda xodimlarning vazifasi bevosita texnik ishlarni bajarishdan koʻra, ushbu agentlarni boshqarish va yakuniy sifatni nazorat qilishdan iborat boʻladi. Gartner tashkiloti oʻtkazgan soʻrov natijalariga koʻra, avtonom texnologiyalarni tatbiq etayotgan kompaniyalarning qariyb 80 foizi shtatlarni qisqartirgan.

Garchi baʼzi tashkilotlar AIdan shunchaki xodimlarni ishdan boʻshatish uchun bahona sifatida foydalanayotgan boʻlsa-da, ClickUp oʻz tizimida mahsuldorlik sezilarli darajada oshganini qayd etmoqda. Zeb Evansning soʻzlariga koʻra, kompaniya nafaqat ichki samaradorlikni oshirish, balki mazkur texnologik yechimlarni mijozlar uchun yangi mahsulot sifatida taklif etishga ham tayyorlanmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish