Krishtianu Ronaldu yangi biznes loyihasiga o‘n million yevro sarmoya kiritdi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

Krishtianu Ronaldu yangi biznes loyihasiga o‘n million yevro sarmoya kiritdi

Jahon futboli yulduzi va muvaffaqiyatli tadbirkor Krishtianu Ronaldu o‘z biznes faoliyatini rivojlantirish yo‘lida navbatdagi qadamni tashladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Portugaliyaning nufuzli SIC Noticias nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 41 yoshli sportchi yangi premium toifadagi mineral suv brendini yaratish va uni bozorga chiqarish jarayoniga shaxsiy mablag‘lari hisobidan 10 million yevro miqdorida sarmoya kiritgan. Ushbu tashabbus futbolchining turli sohalardagi tijorat portfelini yanada kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur loyihani amalga oshirishda Ronaldu Portugaliyaning yirik sanoat korxonalaridan biri bilan hamkorlik qilmoqda. Tomonlar teng huquqli sheriklik asosida faoliyat yuritishni rejalashtirgan.

Ekspertlarning fikricha, sportchining ushbu yo‘nalishdagi sarmoyasi sog‘lom turmush tarzi va sifatli ichimlik suvi bozoridagi raqobatni kuchaytirishi kutilmoqda. Hozirgi kunda loyihaning texnik jihatlari va mahsulotni xalqaro miqyosda sotuvga chiqarish strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Ronaldu futbol maydonidagi faoliyati bilan bir qatorda, biznes olamida ham o‘z o‘rnini mustahkamlashda davom etmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish