Astronomlar guruhi Somon Yo‘li galaktikasining markaziy qismiga yaqin hududda joylashgan ulkan gaz va chang bulutlari tarkibidan tabiiy shakarning yangi turini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ilmiy izlanishlar natijasida aniqlangan ushbu modda eritruloza deb atalib, u oddiy shakarlar turkumiga kiradi. Odatda tabiatda malina tarkibida uchraydigan ushbu birikmaning koinot qa’ridan topilishi fan olamida muhim yangilik sifatida baholanmoqda.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, mazkur kashfiyot koinotda hayotning rivojlanishi uchun fundamental ahamiyatga ega bo‘lgan organik moddalar nafaqat sayyoralarda, balki yulduzlararo muhitning o‘zida ham tabiiy ravishda shakllanishi mumkinligini isbotlaydi. Mazkur topilma hayotning kelib chiqishi va uning koinotdagi tarqalish mexanizmlarini o‘rganishda yangi ufqlarni ochib beradi.
Olimlar endilikda ushbu organik birikmalarning kosmik sharoitlarda qanday jarayonlar ta’sirida vujudga kelayotganini chuqurroq tadqiq etishni rejalashtirmoqdalar. Bu jarayonlar kelajakda koinotning boshqa hududlarida ham hayot belgilari mavjud bo‘lishi ehtimolini tahlil qilish imkonini beradi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0