Bali orolida benzin taqchilligi sababli uzun navbatlar yuzaga keldi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

Bali orolida benzin taqchilligi sababli uzun navbatlar yuzaga keldi

Indoneziyaning dunyoga mashhur sayyohlik maskanlaridan biri bo‘lgan Bali orolida jiddiy yoqilg‘i tanqisligi kuzatilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ushbu muammo mahalliy yoqilg‘i quyish shoxobchalariga mahsulot yetkazib berish tizimidagi uzilishlar oqibatida yuzaga kelgan. Yuzaga kelgan vaziyat sababli orol bo‘ylab benzin sotib olish istagida bo‘lgan yuzlab, hatto minglab fuqarolar va sayyohlar yoqilg‘i quyish shoxobchalari oldida uzoq vaqt navbat kutishga majbur bo‘lmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasvirlar va videolarda yoqilg‘i shoxobchalari atrofida to‘plangan uzun navbatlarni ko‘rish mumkin. Navbatda turganlarning aksariyatini skuter va mototsikl haydovchilari tashkil etadi, chunki Bali orolida transportning bu turi eng ommabop hisoblanadi.

Transport vositalarining ko‘pligi va yoqilg‘i taqchilligi oroldagi kundalik hayot hamda sayyohlik faoliyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Mahalliy rasmiylar va mas’ul idoralar ta’minot zanjiridagi uzilishlarni bartaraf etish hamda vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilishmoqda.

Hozircha orol aholisi va mehmonlar yoqilg‘i taqchilligi sababli yuzaga kelgan noqulayliklarga duch kelmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish