
«Vest Xem» futbol klubining sobiq egasi Devid Sallivan BBC telekanaliga qarshi sudga murojaat qildi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Bu qaror telekanal tomonidan namoyish etilgan «Yirtqich: futbol bo‘yicha milliarder rahbar» nomli hujjatli filmda keltirilgan ayblovlardan so‘ng qabul qilindi. Klubning sobiq hamraisi Buyuk Britaniya Oliy sudiga da’vo arizasini kiritgan.
Sallivan mazkur film uning obro‘siga va moliyaviy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganini ta’kidlab, 150 million funt sterling miqdorida tovon puli talab qilmoqda. U o‘ziga nisbatan bildirilgan tuhmatlar uchun javobgarlikni talab qilayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, shov-shuvli hujjatli filmda kamida yetti nafar ayol Devid Sallivanni jinsiy shilqimlikda ayblagan edi. Ayblovlarga ko‘ra, mazkur nojo‘ya xatti-harakatlar o‘tgan asrning 80 va 90-yillarida sodir etilgan.
Hozirgi vaqtda sud jarayoni qanday kechishi va tomonlarning dalillari qanchalik asosli ekani jamoatchilik e’tiborida qolmoqda. Ushbu voqea xalqaro sport hamjamiyatida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.






Izohlar
0