
Myunxenning "Bavariya" klubi bosh murabbiyi Vensan Kompani shoshilinch tarzda kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Germaniya matbuotida tarqalgan xabarlarga ko'ra, belgiyalik mutaxassis tez yordam mashinasida tibbiyot muassasasiga olib ketilgan. "Sky" telekanali ma'lumotiga ko'ra, Kompani mashg'ulotlardan so'ng hushidan ketgan va zudlik bilan shifokorlar nazoratiga olingan.
Mutaxassisning sog'lig'i bilan bog'liq muammolar bir necha kun avval boshlangan. Xususan, u yaqin vaqt ichida virusli infeksiyadan aziyat chekayotgan edi.
Shuningdek, matbuotda belgiyalik murabbiyning chanoq-son bo'g'imidagi kuchli og'riqlardan shikoyat qilgani haqida ham xabarlar tarqalgandi. Ayni damda "Bavariya" murabbiylar shtabi va klub rahbariyati murabbiyning ahvoli yuzasidan rasmiy bayonot berishi kutilmoqda.
Ta'kidlash joizki, joriy yilning 25-oktabr, yakshanba kuni "Bavariya" Germaniya chempionati doirasida safarda "Frayburg" jamoasiga qarshi maydonga tushishi kerak. Ayni vaqtda myunxenliklar turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda.
Biroq Dortmundning "Borussiya" klubi ularni qo'shimcha ko'rsatkichlar evaziga yaqindan ta'qib etmoqda. "Bavariya" uchun ushbu uchrashuv chempionlik poygasida juda muhim ahamiyatga ega.
Hozircha murabbiyning bo'lajak o'yinda ishtirok etishi yoki etmasligi borasida aniq ma'lumot yo'q.






Izohlar
0