
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Italiyaning «Roma» klubi hujumchisi Eldor Shomurodovni tarkibiga qo‘shib olishni maqsad qilgan Turkiyaning «Trabzonspor» jamoasi ushbu transfer jarayonidan voz kechdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Bir necha hafta davomida faol muzokaralar olib borgan va futbolchini o‘z safiga jalb etish ustida bosh qotirgan klub rahbariyati yakunda mazkur rejadan rasman chekinishga qaror qildi. Ushbu ma’lumot Turkiya sport matbuotining nufuzli manbalaridan biri bo‘lgan haber61.net nashri tomonidan e’lon qilindi.
Manbaga ko‘ra, «Trabzonspor» bosh murabbiyi Fotih Tekke o‘zbekistonlik to‘purarni jamoada ko‘rish istagida bo‘lgan bo‘lsa-da, muzokaralar davomida yuzaga kelgan moliyaviy va tashkiliy to‘siqlar transferning amalga oshishiga imkon bermadi. Klub mutasaddilari shartnoma shartlari bo‘yicha tomonlar o‘rtasida yakuniy kelishuvga erisha olmagach, mazkur futbolchi bilan bog‘liq rejalarni to‘xtatib turishni ma’qul deb topdi.
Natijada, Eldor Shomurodovning «Trabzonspor» safiga o‘tishi haqidagi mish-mishlarga rasman nuqta qo‘yildi. Hozirgi vaqtda tomonlar boshqa variantlarni ko‘rib chiqishga kirishgan.






Izohlar
0