
O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning noyabr oyida FIFA tomonidan belgilangan xalqaro o‘yinlar taqvimi doirasida Rossiya terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
RB Sport nashrining ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, Valeriy Karpin boshqaruvidagi Rossiya terma jamoasi ishtirokidagi mazkur nazorat bahslaridan biri aynan Toshkent shahrida tashkil etilishi kutilmoqda. Hozirgi kunda tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar yakuniy bosqichga yaqinlashgan bo‘lib, o‘yinning poytaxtimizda o‘tish ehtimoli juda yuqori baholanmoqda.
Rossiya terma jamoasi murabbiylar shtabi noyabr oyidagi FIFA kunlarida ikkita uchrashuv o‘tkazishni maqsad qilgan. Dastlabki rejalarga ko‘ra, rossiyaliklar mazkur xalqaro pauza davomidagi ikkinchi bellashuvni o‘z maydonlarida o‘tkazishni ko‘zlashgan.
Ayni damda har ikki tomon federatsiyalari mazkur qarama-qarshilikning tashkiliy masalalari va barcha texnik tafsilotlarini kelishib olish ustida ish olib bormoqda. Rasmiy tasdiq yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.






Izohlar
0