
Italiyalik yarimhimoyachi Manuel Lokatelli 2016-yildan 2019-yilgacha bo‘lgan davrda "Milan" sharafini himoya qilgan. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Futbolchi o‘sha yillar haqida hamon iliq xotiralar bilan so‘z yuritadi. "Men "Milan" jamoasidan doimo minnatdorman.
Men klub tizimidagi barcha bosqichlarni bosib o‘tdim, bu yer men uchun haqiqiy uyga aylangandi. Ayniqsa, menga ishongan murabbiy Vinchenso Montellaga alohida minnatdorchilik bildiraman.
O‘sha paytlarda professional faoliyatimda duch kelgan qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun yetarli tajribaga ega emasdim. Men juda yosh va hali yetilmagan futbolchi edim.
Muxlislar va mutaxassislar tomonidan menga katta umidlar bog‘langandi. Ayniqsa, "Yuventus" darvozasiga kiritgan golimdan so‘ng, bu bosim ruhiyatimga yanada kuchliroq ta’sir qila boshladi", – deb futbolchining so‘zlarini keltirib o‘tdi pianetamilan.it nashri.
Eslatib o‘tamiz, Italiya chempionatining yangi mavsumi aynan shu hafta oxirida start oladi. Futbol olamidagi muxlislar ushbu musobaqaning boshlanishini katta qiziqish bilan kutishmoqda.






Izohlar
0