
Angliya futboli og‘ir judolikka uchradi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
"Manchester Siti" klubining sobiq futbolchisi Kortni Meppen-Uolters 32 yoshida olamdan o‘tdi. O‘z vaqtida ingliz futbolining katta umidlaridan biri hisoblangan himoyachi yoshlar darajasida Angliya terma jamoasi sharafini himoya qilgan va jamoa sardori sifatida maydonga tushgan edi.
Sportchining hayoti va faoliyatidagi keskin burilish 2012-yilning sentyabr oyida yuz bergan fojiali avtohalokatdan so‘ng sodir bo‘ldi. Ushbu mudhish voqea oqibatida ikki kishi vafot etgan.
O‘sha vaqtda bor-yo‘g‘i 18 yoshda bo‘lgan Meppen-Uolters sud qarori bilan 16 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan. Mazkur hodisadan keyin "Manchester Siti" futbolchi bilan shartnomani uzaytirmadi va uning katta futboldagi istiqboli barbod bo‘ldi.
Jazo muddatini o‘tab chiqqach, u o‘z faoliyatini qayta tiklashga uringan bo‘lsa-da, asosan quyi ligalarda to‘p surishga majbur bo‘ldi. U "Karlayl Yunayted", "Stokport" kabi jamoalar safida harakat qildi, so‘nggi yillarda esa o‘zining tug‘ilib o‘sgan shahri — Beri jamoasi sharafini himoya qilayotgan edi.
Hozircha futbolchining o‘lim sabablari rasman ochiqlanmagan. Sport olami iste’dodli futbolchining erta vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga hamdardlik bildirmoqda.






Izohlar
0