
Fransiyalik himoyachi Lyuka Din 11 yillik tanaffusdan so‘ng yana Fransiya chempionatiga qaytdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
O‘z faoliyati davomida «Roma», «Barselona», «Everton» va «Aston Villa» kabi nufuzli klublarda to‘p surgan futbolchi bu safar «PSJ» safiga kelib qo‘shildi. E’tiborli jihati shundaki, u Fransiyani tark etishidan oldin ham aynan parijliklar sharafini himoya qilgan edi.
Biroq vatanga qaytish futbolchi va uning oilasi uchun kutilmagan ijtimoiy muhit bilan bog‘liq bo‘ldi. Hozirda Parijda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari va tartibsizliklar uning turmush o‘rtog‘i Tizirining e’tiboridan chetda qolmadi.
U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida mamlakatdagi vaziyat yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Tiziri o‘z postida tarixiy voqealarga ishora qilib, shunday yozdi: "Siz 1968-yilgi harakat, 1848-yilgi inqilob va 1789-yil 14-iyul voqealarini madh etishni yoqtirasiz, ammo ularning barchasi tartibsizliklar, to‘qnashuvlar, talonchilik va vayronagarchiliklar bilan kechganini unutasiz".
U namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan holda, jamiyatdagi muammolarga chuqurroq nazar tashlashga chaqirdi. "Namoyishga chiqqan barcha insonlarning — xoh u politsiyachi, xoh yoshlar yoki tibbiyot xodimi bo‘lsin, buning uchun yetarlicha asosli sabablari bor.
Ularning chiqishlari jamiyatdagi tub muammolarni fosh qiladi. Qimmatbaho do‘kon oynasining sinishi yoki avtobus bekatining yonib ketishi uchun g‘azablanish kerakmi?
Aslida, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi resurslar yetishmovchiligi, politsiya shafqatsizligi hamda irqchilik kabi illatlar g‘azabimizni keltirishi lozim", — deya ta’kidladi u. Tiziri o‘z mulohazalarini falsafiy xulosa bilan yakunladi: "Har bir davrning o‘z inqilobi va o‘z talablari bo‘ladi.
Tarixni mavjud tartibga qarshi chiqishga jur’at etganlar yaratadi". Eslatib o‘tamiz, «PSJ» hozirgi vaqtda Fransiya chempionati turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda.






Izohlar
0