
Xans-Diter Flik qo‘l ostidagi "Barselona" joriy mavsumda juda barqaror va sifatli o‘yin namoyish etmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Biroq futbol dunyosi shundayki, hatto eng muvaffaqiyatli murabbiylar ham vaqti kelib o‘z lavozimini tark etishadi. Xabarlarga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis Luis Enrike kelajakda "ko‘k-anorranglilar" boshqaruviga qaytishni ko‘zlamoqda.
"El Nacional" nashrining yozishicha, Enrike o‘z yaqinlariga kelgusida Flikning o‘rnini egallash uchun zamin hozirlash va o‘z nomzodini klub rahbariyatiga taqdim etish bo‘yicha topshiriq bergan. Murabbiy "Barselona"dagi faoliyatini ikkinchi bor boshlash istagida.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tashabbusni jamoa yarim himoyachisi Pedri ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Futbolchi Ispaniya terma jamoasida Enrike bilan ishlagan davrlaridan ijobiy xotiralarga ega.
Eslatib o‘tamiz, Luis Enrike 2014-2017-yillar oralig‘ida "Barselona"ga ustozlik qilgan. Uning qo‘l ostida kataloniyaliklar jami to‘qqizta sovrinni qo‘lga kiritgan, jumladan, Chempionlar ligasi bosh sovriniga ham ega chiqqan edi.
Ayni damda PSJ boshqaruvida bo‘lgan ispaniyalik murabbiy Parij klubi bilan ham muvaffaqiyatli natijalar qayd etishda davom etmoqda. Enrikening o‘zi esa "Barselona"ga bo‘lgan hurmatini saqlab qolgan holda, professional vazifalarini bajarishda davom etishini ta’kidlaydi.






Izohlar
0