
"Roma" bosh murabbiyi Jan Pero Gasperini Italiya chempionatining oltinchi turi doirasida "Komo"ga qarshi kechgan va 0:0 hisobida yakunlangan bahsda Doniell Malenning maydondan chetlatilishi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida Malen to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Natijada Rim klubi o‘yinning so‘nggi 30 daqiqasidan ko‘proq vaqtini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Gasperini hujumchining raqibga ataylab shikast yetkazish niyati bo‘lmaganini ta’kidladi. "U o‘zini ushlab turgan raqibga nisbatan munosabat bildirdi va to‘pga tegindi.
Yon tomondan qaraganda uning harakati qo‘pol ko‘ringan bo‘lishi mumkin, ammo uning niyati raqibga zarar yetkazish emasdi. Hakam tomonidan ko‘rsatilgan qizil kartochka o‘yin shukuhini buzdi", — deya murabbiyning so‘zlarini keltirmoqda Football Italia nashri.
Shuningdek, Gasperini bahsli vaziyatlarni tahlil qilishda yirik rejalar va to‘xtatilgan kadrlardan (stop-kadr) foydalanishga qarshi chiqdi. Uning fikricha, futbol dinamik harakatlardan iborat bo‘lib, to‘xtatilgan tasvirlar voqealar rivojini noto‘g‘ri talqin qilishga olib keladi.
Murabbiy epizodlarni aynan shunday usullar orqali baholashni to‘xtatish vaqti kelganini qo‘shimcha qildi. Ushbu durangdan so‘ng, "Roma" 14 ochko bilan turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Ayni damda "Inter" va "Latsio" klublari 16 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.






Izohlar
0