
«Napoli» futbol klubi prezidenti Aurelio De Laurentis futbol o‘yinlaridagi tanaffus vaqtini qisqartirish yoki uni butunlay bekor qilish taklifini ilgari surdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Uning fikricha, bu yangilik yosh muxlislarning e’tiborini o‘yinga jalb qilishga xizmat qiladi. Rimda o‘tkazilgan TEHA Club sammitida so‘zga chiqqan funksioner futbol mahsulotini har tomonlama qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.
De Laurentisning so‘zlariga ko‘ra, o‘yin strukturasi va uning davomiyligini o‘zgartirishdan cho‘chimaslik kerak. U 100 yildan buyon amal qilib kelayotgan qoidalarni muqaddas deb hisoblamaslik lozimligini qayd etdi.
«Nima uchun tanaffus aynan 15 daqiqa davom etishi kerak? Uni qisqartirish yoki butunlay olib tashlashning nima yomonligi bor?
Stadiondagi muxlislar kutishi mumkin, ammo uyda o‘yinni kuzatayotgan bola-chi? U 15 daqiqa davomida telefoniga chalg‘ib, videoo‘yinlar yoki boshqa qiziqarli narsalar bilan band bo‘lib qoladi.
Ikkinchi bo‘lim boshlanganda biz uni butunlay yo‘qotgan bo‘lamiz», – deydi klub prezidenti. De Laurentis futbolni shunchaki sport musobaqasi sifatida emas, balki keng ko‘lamli ko‘ngilochar industriya sifatida baholash kerakligini qo‘shimcha qildi.
Uning ushbu tashabbusi futbol olamida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.






Izohlar
0