
Alvaro Arbeloa uchun murabbiylik faoliyatining yangi bosqichi muvaffaqiyatsizliklar bilan boshlanmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Madridning "Real" klubini sovrinlar sari yetaklay olmagan va 2025/2026-yilgi mavsum yakunida jamoani tark etgan ispaniyalik mutaxassis yozda Angliyaning "Fulxem" klubi boshqaruvini qabul qilib olgan edi. Biroq, "dachniklar" yangi mavsum startini o‘ta omadsiz o‘tkazishmoqda.
Premer-liganing dastlabki uch turida jamoa faqat mag‘lubiyatga uchradi. Natijada, "Fulxem" turnir jadvalida eng quyi pog‘onalardan birini egallab turibdi.
Ayni damda Angliya matbuotida Arbeloaning klubdagi kelajagi va yuzaga kelgan jiddiy ichki muammolar qizg‘in muhokama qilinmoqda. Xususan, "Kristal Pelas"ga qarshi kechgan derbidagi mag‘lubiyatdan so‘ng muxlislar o‘z noroziliklarini ochiq namoyish etishdi.
Vaziyat faqat natijalar bilan cheklanib qolmayapti: futbolchilar va murabbiy o‘rtasidagi munosabatlar ham keskinlashgani sezilmoqda. Britaniyaning "The Sun" nashri xabariga ko‘ra, jamoa ichida jiddiy kelishmovchiliklar yuzaga kelgan.
Masalan, zaxirada qolgan futbolchi Kevin ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga "eshitmayman, gapirmayman, ko‘rmayman" mazmunidagi sirli xabarni joylashtirdi. Smit-Rou va Ayubi esa o‘z sahifalaridan "Fulxem"ga aloqador barcha fotosuratlarni o‘chirib tashlashdi.
Shuningdek, o‘yin amaliyotidan chetda qolayotgan Tete muxlislar bilan muloqotda bosh murabbiyga nisbatan keskin fikr bildirdi. Alvaro Arbeloa uchun vaziyat juda murakkab tus olmoqda.
Oldinda "Fulxem"ni "Liverpul" va "Manchester Yunayted" kabi kuchli raqiblarga qarshi o‘ta mas’uliyatli o‘yinlar kutib turibdi. Agar ispaniyalik mutaxassis jamoa ichidagi muhitni o‘nglay olmasa va natijalarni yaxshilamasa, uning iste’fosi muqarrar bo‘lib qolishi mumkin.






Izohlar
0