
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi qoshida inson kapitalini yuksaltirish va uzluksiz ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan umummilliy konsepsiyani ishlab chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuzilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur guruh faoliyatiga rahbarlik qilish jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimovga yuklatildi. Bu haqdagi rasmiy axborotni Prezident matbuot kotibi taqdim etdi.
Yangi tashkil etilayotgan ishchi guruh oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish hamda ta’lim jarayonlarini uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha strategik yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat. Mutaxassislar guruhi ta’lim sifatini oshirish, sohani zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish va aholi bilim darajasini yuksaltirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasini tayyorlaydi.
Ushbu tashabbus kelgusida davlat ta’lim siyosatini yangi bosqichga olib chiqish hamda iqtisodiyot tarmoqlari uchun malakali kadrlarni tayyorlash tizimini izchil rivojlantirishga xizmat qiladi. Ishchi guruh tarkibi va uning faoliyati bilan bog‘liq boshqa tafsilotlar yaqin vaqt ichida ommaga e’lon qilinishi kutilmoqda.






Izohlar
0