
Kongo Demokratik Respublikasi poytaxti Kinshasa shahrida o‘tkazilgan to‘y marosimi fojiali tus oldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
4 sentyabrdan 5 sentyabrga o‘tar kechasi Lingvala kommunasida joylashgan Panacée tantanalar zalida yirik yong‘in yuzaga keldi. Triomfal bulvaridagi binolardan birining birinchi qavatida joylashgan mazkur maskanda sodir bo‘lgan hodisa oqibatida dastlabki rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 22 nafar inson vafot etgan.
Bundan tashqari, yong‘in natijasida ko‘plab fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Voqea joyiga zudlik bilan qutqaruv xizmatlari va shifokorlar yetib kelib, jabrlanganlarga birlamchi yordam ko‘rsatish hamda yong‘inni bartaraf etish ishlarini olib borishdi.
Hozirgi vaqtda tegishli idoralar tomonidan yong‘in kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda va surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Rasmiylar mazkur baxtsiz hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar tekshiruv yakunlariga ko‘ra taqdim etilishini ma’lum qilgan.
Halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirilmoqda.






Izohlar
0