
O‘zbekiston sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish maqsadida muhim hujjat qabul qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Adolatli sudlov – 2030 strategiyasi mamlakatda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan xalqchil va shaffof huquqiy tizimni shakllantirishni ko‘zlaydi. Mazkur konseptual hujjat Sudlar — xalqchil va adolatli sudlov maskani tamoyili asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash hamda odil sudlov sifatini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli chora-tadbirlarni qamrab oladi.
Strategiya doirasida sud jarayonlarini raqamlashtirish, sudyalar korpusini malakali kadrlar bilan to‘ldirish hamda sud qarorlarining qonuniyligini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Hujjat ijrosi fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga hamda huquqiy davlat qurish yo‘lidagi demokratik jarayonlarni jadallashtirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus sud tizimining ochiqligini ta’minlash va inson huquqlarini himoya qilish borasida sifat jihatdan yangi bosqichga o‘tishni nazarda tutadi.






Izohlar
0