
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 16 oktyabr kuni Xitoyning Hongkong maxsus ma’muriy hududida faoliyat yurituvchi yetakchi korporatsiyalardan biri Henderson Land Group rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Uchrashuvda xolding boshqaruvi raisi Piter Li ishtirok etdi. Tomonlar O‘zbekiston va Hongkong ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, xususan, uzoq muddatli sarmoyaviy sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Muloqot davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar alohida ta’kidlab o‘tildi. Henderson Land Group vakillari mamlakatimizdagi infratuzilma loyihalari hamda shaharsozlik sohasidagi istiqbolli tashabbuslarga qiziqish bildirishdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zaro manfaatli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini qayd etib, tomonlar o‘rtasidagi amaliy muloqotni jadallashtirish muhimligini bildirdi. Uchrashuv yakunida ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tajriba almashish borasida kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tashrif O‘zbekistonning xalqaro sarmoyaviy jozibadorligini oshirish hamda xorijiy kompaniyalar bilan strategik hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.






Izohlar
0