
Tanzaniyaning Morogoro viloyatida yuz bergan mudhish yo‘l-transport hodisasi oqibatida kamida 28 nafar inson hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Associated Press agentligining xabar berishicha, fojia 8 oktyabrdan 9 oktyabrga o‘tar kechasi Mkambarani hududida sodir bo‘lgan. Morogoro — Dar-es-Salam avtomobil yo‘lida harakatlanib ketayotgan yo‘lovchi avtobusi va yog‘och ortilgan yuk mashinasi to‘qnashib ketgan.
To‘qnashuv kuchi shu qadar yuqori bo‘lganki, buning ortidan avtobusda yong‘in boshlangan. Olov qisqa vaqt ichida butun transport vositasini qamrab olib, uni butunlay yaroqsiz holga keltirdi.
Voqea joyiga yetib borgan qutqaruv xizmatlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hodisa tafsilotlarini o‘rganishni boshlagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni yuqoriligicha qolmoqda, qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Mazkur avtohalokat mamlakatdagi yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatni yana bir bor kun tartibiga chiqardi. Rasmiylar halokatning aniq sabablarini aniqlash maqsadida surishtiruv ishlarini olib bormoqda.






Izohlar
0