Hindistondagi restoranda mijozlar qabrlar orasida ovqatlanishadi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

Hindistondagi restoranda mijozlar qabrlar orasida ovqatlanishadi

Hindistonning Ahmadobod shahrida joylashgan New Lucky Restaurant o‘zining g‘ayrioddiy va ko‘pchilikni hayratga soladigan muhiti bilan ajralib turadi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Lal Darvaza hududida faoliyat yurituvchi ushbu umumiy ovqatlanish maskani dunyodagi eng noodatiy restoranlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Mazkur muassasaning o‘ziga xosligi shundaki, mijozlar ovqatlanish jarayonida atrofidagi qadimiy qabrlarni bevosita ko‘rishlari mumkin.

Restoran egasi qabriston o‘rnida qurilgan binoni qayta ta’mirlash jarayonida qabrlarni buzib tashlash o‘rniga, ularni saqlab qolishga va interyerning bir qismiga aylantirishga qaror qilgan. Bugungi kunda stollar aynan ana shu qabrlar atrofida joylashtirilgan bo‘lib, ular kichik metall panjaralar yordamida ajratib qo‘yilgan.

Ushbu maskan mahalliy aholi va xorijlik sayyohlar uchun ham gastronomik, ham tarixiy qiziqish uyg‘otadigan nuqtaga aylangan. Restoran ma’muriyatining ta’kidlashicha, qabrlarning mavjudligi mijozlar uchun noqulaylik tug‘dirmaydi, aksincha, maskanga o‘ziga xos fayz va falsafiy ruh bag‘ishlaydi.

Ko‘pchilik uchun g‘alati tuyulishi mumkin bo‘lgan bu muhit aslida hayot va o‘limning uyg‘unligini ifodalovchi o‘ziga xos yechim sifatida qabul qilinadi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish