
Xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan o‘tkazilgan tahlillar global miqyosdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda insoniyat omon qolishi uchun eng maqbul hudud sifatida Avstraliyani belgiladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mutaxassislar tadqiqot jarayonida vulqon otilishi, yadroviy to‘qnashuvlar, asteroidlar qulashi, global pandemiya yoki zamonaviy infratuzilmaning to‘liq izdan chiqishi kabi insoniyat sivilizatsiyasiga xavf soluvchi o‘ta jiddiy ssenariylarni tahlil qilishdi. Tadqiqot natijalari "Global Sustainability" jurnalida e’lon qilingan bo‘lib, unda qaysi davlatlar bunday keskin inqiroz sharoitida o‘z oziq-ovqat va energiya xavfsizligini saqlab qolish imkoniyatiga egaligi o‘rganilgan.
Olimlarning xulosasiga ko‘ra, Avstraliya geografik joylashuvi, qishloq xo‘jaligi salohiyati hamda tabiiy resurslarning yetarliligi sababli insoniyatning yashab qolish ehtimoli eng yuqori bo‘lgan hudud sifatida qayd etilgan. Mazkur ilmiy ishda shuningdek, Yangi Zelandiya, Islandiya va Solomon orollari kabi davlatlar ham xavfsiz hududlar qatoriga kiritilgan.
Tadqiqotchilar bunday tahlillar kelajakdagi global xatarlarni yumshatish va davlatlarning barqarorligini ta’minlash borasidagi strategiyalarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashmoqda.






Izohlar
0