
Gaagadagi Xalqaro arbitraj sudi Qozog‘iston hukumati tomonidan G‘arb neft kompaniyalariga qarshi qo‘zg‘atilgan 12 milliard dollarlik da’voni rad etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Bloomberg agentligining xabar berishicha, sud mazkur talabni asossiz deb topgan. Ushbu huquqiy qaror mamlakatning eng yirik konlaridan biri bo‘lgan Qashag‘an neft loyihasi atrofidagi ko‘p yillik moliyaviy nizolarga nuqta qo‘ydi.
Qozog‘iston tomoni xalqaro konsorsiumni shartnoma shartlarini buzishda va ekologik hamda moliyaviy me’yorlarga rioya qilmaslikda ayblab kelayotgan edi. Biroq xalqaro sud instansiyasi ko‘rib chiqilgan dalillar va hujjatlar asosida hukumatning moliyaviy talablarini qanoatlantirish uchun yetarli asos topmadi.
Mazkur qaror Qozog‘istonning investitsion muhiti va xalqaro neft gigantlari bilan bo‘lgan hamkorlik aloqalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Hozircha rasmiy Astana yoki xalqaro konsorsium vakillari sud qarorining yakuniy tafsilotlari yuzasidan keng qamrovli bayonot bermadi.
Tahlilchilar ushbu holatni mamlakatning energetika sohasidagi xalqaro huquqiy jarayonlar tarixidagi muhim voqea sifatida baholamoqda.






Izohlar
0