
G‘arbiy Sohilda tasvirga tushirilgan bir voqea falastinliklarning o‘z yeriga bo‘lgan chuqur bog‘liqligi va ularning kundalik hayotdagi mashaqqatlarini yaqqol namoyon etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda falastinlik ayolning o‘z hududida o‘sib turgan zaytun daraxtini oxirgi marta quchoqlab, uning kesilish jarayonini ko‘z yoshlari bilan kuzatib turgani tasvirlangan. Ushbu holat mintaqadagi yer va tirikchilik masalalari atrofidagi og‘riqli vaziyatni yana bir bor kun tartibiga chiqardi.
Voqea Janin shahri janubida joylashgan Arraba hududida, aniqrog‘i, Arraba va Ya’bad shaharchalarini o‘zaro bog‘lab turuvchi yo‘l yaqinida yuz bergan. Mahalliy axborot manbalarining xabar berishicha, ushbu hududda amalga oshirilgan ishlar mahalliy aholining yashash sharoiti va mulkiy huquqlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mazkur voqea mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy taranglik fonida oddiy aholining o‘z ekinlari va yerlari uchun kechirayotgan kurashini aks ettiruvchi ramziy holat sifatida baholanmoqda. Hudud aholisi uchun zaytun daraxtlari nafaqat daromad manbai, balki avlodlar merosi va tarixiy xotira hisoblanadi.
Shuning uchun ham bunday daraxtlarning yo‘q qilinishi mahalliy aholi uchun ruhiy va iqtisodiy jihatdan og‘ir yo‘qotish sanaladi.






Izohlar
0