
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Daron Ajemo‘g‘lu sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi hamda insoniyat tomonidan o‘ta yuqori intellekt darajasidagi tizimlarni yaratish borasidagi urinishlar kelajakda jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mashhur iqtisodchi olimning tahlillariga ko‘ra, bugungi kunda ushbu sohada kuzatilayotgan taraqqiyot yo‘nalishi tubdan qayta ko‘rib chiqilishi va tartibga solinishi zarur. Aks holda, texnologik rivojlanishning hozirgi traektoriyasi saqlanib qolsa, yaqin o‘n yillik ichida iqtisodiy hamda ijtimoiy tizimlar uchun jiddiy xatarlar yuzaga kelishi ehtimoli yuqori.
Ajemo‘g‘lu o‘z qarashlarida texnologik innovatsiyalar inson mehnatini almashtirish emas, balki uni to‘ldirishi va samaradorlikni oshirishi kerakligini ta’kidlaydi. Biroq, hozirgi holatda sun’iy intellektning nazoratsiz rivojlanishi mehnat bozorida nomutanosibliklarni keltirib chiqarishi hamda insoniyatning ushbu texnologiyalar ustidan nazoratni yo‘qotishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Olimning fikricha, jamiyat va davlatlar sun’iy intellektning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini yumshatish uchun hozirdanoq aniq strategik qadamlar qo‘yishi va xavfsizlik choralarini kuchaytirishi talab etiladi. Ushbu jarayon ustidan samarali nazorat o‘rnatilmas ekan, texnologik taraqqiyot kutilgan natijalarni bermasligi va aksincha, global miqyosdagi muammolarni chuqurlashtirishi mumkin.






Izohlar
0